Alber Kamyu

 

Tangrilar tomonidan berilgan jazo hukmiga ko‘ra, Sizif zil-zambil xarsangni tog‘ning cho‘qqisigacha dumalatib borishga mahkum edi. Sizif xarsangni cho‘qqigacha dumalatib, olib boradi. Tosh esa cho‘qqidan pastga, o‘z og‘irligi sabab dumalab tushib ketaveradi. Befoyda va badbin aziyatdan ko‘ra og‘irroq jazo yo‘q deb o‘ylagan Tangrilarni nohaqlikda ayblash, menimcha xato bo‘lardi.

Gomerdan rivoyat qilinishicha, Sizif bani bashardagi eng donishmand va ogoh banda edi. Boshqa afsonada esa, uning qaroqchilik bilan aloqalari bo‘lganligi aytiladi. Shaxsan men, bu masalada ziddiyat ko‘rmayman. Sizifning Ruhlar o‘lkasidagi eng og‘ir jazoga mahkum qilinishi haqida turli qarashlar bor. Bulardan biri, uning Tangrilarga bepisand muomalada bo‘lgani edi. U Tangrilarning butun sirlarini o‘g‘irlab, ochiqlaganlikda ayblanadi. Yupiter Asonning qizi Eginani olib qochadi, qizning otasi esa bu judolik va isnodga chidolmaydi. Sizifning boshiga yog‘gan kulfat yomg‘iri ham aynan shu yerdan boshlanadi. Qizning olib qochilishini avvaldan bilgan Sizif Korinf qal’asiga suv berish sharti bilan Asonga ma’lumot berishi mumkinligini aytadi. U suvning pokligini Tangrilar g‘azabidan afzal ko‘rgandi. Ruhlar o‘lkasidagi unga berilgan jazo ham shundan. Gomer uning O‘limni zindonband  qilganini aytadi. O‘z saltanatining kimsasiz va harob holini ko‘rishga chidolmagan Pluton Sizifning yoniga Urush ma’budini yo‘llaydi va yuborilgan jangchi ha o‘limni g‘olib taraf asoratidan ozod qiladi.

Aytishlaricha, Sizif o‘lim to‘shagida yotgan payti birdan xotinining sevgi va sadoqatini sinashga qaror qiladi. Qahramonimiz o‘lgach, xotini uning jasadini ko‘mish o‘rniga olib chiqib, markaziy maydonga tashlashi kerak edi. O‘limdan so‘ng ko‘zlarini ochgan Sizif xotini va’dasida turmay uni ko‘mganligi va o‘zini Ruhlar o‘lkasiga tushganini sezadi. Xotinining sadoqatsizligidan g‘azablanib, uni jazolash uchun Plutondan ortga qaytishga izn berishini talab qiladi. Iznni olgach, Tiriklar dunyosidagi suv va Quyoshni, issiq toshlar va dengizni ko‘rib, Ruhlar o‘lkasining rutubat qoplagan qorong‘u tuproqlariga qaytishni rad etadi. Chaqiriqlar, qahru-g‘azab, qo‘rqitishlar… Bari bekor edi. Sizif ko‘rfazning sehrli manzarasi, yal-yal yonib turgan dengiz va zamin ajoyibotlariga mahliyo bo‘lib, Tiriklar dunyosida yana ancha yil umrguzaronlik qiladi. Endi Tangrilar unga nisbatan jiddiy choralar ko‘rishi shart edi. Merkuriy kelib, Sizifning yoqasiga yopishadi va uni butun xushbaxtliklaridan ayirib, zo‘rlik bilan Ruhlar o‘lkasiga olib ketadi. Ruhlar o‘lkasiga qaytgan qahramonimiz ne ko‘z bilan ko‘rsinki, unga allaqachon ilohiy jazo – harsangtosh tayyorlab qo‘yilgandi.

Ziyrak o‘quvchi Sizifning absurd qahramon ekanligini allaqachon ilg‘ab oldi. Xuddi ehtiroslaridagi kabi, uning azoblari ham absurd. Tangrilarga nisbatan bepisandlik, o‘limga nisbatan nafrat va hayotga nisbatan bitmas-tuganmas ishtiyoq Sizifning Ruhlar o‘lkasidagi eng og‘ir va eng bema’ni, hech bir ta’rifga sig‘mas jazoga mustahiq bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Tiriklar olamiga yo‘nalgan hirs va muhabbatning badali edi bu. Bizga Ruhlar o‘lkasidagi Sizif haqida hech bir roviy batafsil aytib bermaydi. Aytib berilganlar ham asl holatni ramz va tasavvur kuchimiz orqali qahramonning iztiroblarini qaytadan jonlantirishimiz uchun yaratilgan jumboqlar zanjiri, xolos. Biz bu yerda faqat ulkan harsangni ko‘tarib yumalatish, daf’alarcha, qayta va qayta boshlangan, bir tepalikka tirmashish uchun taranglashgan vujud harakatlarini ko‘ramiz: tirishgan yuz, toshga bostirilgan yonoq, balchiqsifat vazndan mayishgan yelka, uni tushirish paytidagi oyoqlar holati, qo‘llar bilan yangittan o‘zini tutish, tuproqqa qorishgan ikki kaftning dunyoviy kuchi…

Osmonsiz bo‘shliq, ibtido va intihodan mahrum Vaqt bilan o‘lchangan bu cheksiz urinishlar natijasida, oxiri maqsadga erishiladi. Sizif o‘sha payt bir-necha soniya o‘tar-o‘tmas toshning yana pastga, bepusht zaminga tushib ketishini jim kuzatadi. Uni yana tepaga olib chiqish kerak. Tosh esa yana pastga tushib ketaveradi.

Sizifning ushbu borish va qaytish sahnalari meni doim qiziqtirgan. Tosh bilan shu qadar yaqin, yuzma-yuz bo‘lgan yaratiq ham ortiq toshdir! Bir odamning toshni yelkalagancha og‘ir, biroq mutanosib tarzda qadam tashlayotgani va oxiri pastga, ko‘rinmas azoblar tomon inib borayotganini ko‘z o‘ngimda jonlantiraman. Bu qaytish lahzasi, o‘pkaga to‘ldirilayotgan havoni eslatgan, xuddi yiqilishi yanglig‘ hissiz shaklda qaytib kelguvchi bu lahza, shuurning uyg‘onish lahzasidir. U qoyadan ayriliyu, sekin-astalik bilan Tangrilar pisib yotgan inlar tomon, bu inlarga ko‘milgan soniyalardan birida, o‘z qismatining qarshisiga, to‘g‘rirog‘i ustiga tushib bordi. U endi o‘z toshiga yanada kuch bilan yaqinlashadi.

Agar biz mazkur asotirni tragik deb ataydigan bo‘lsak, u ham qahramonning butun fojiani avvaldan bilib turishiga borib taqaladi. Darhaqiqat, bordiyu u har qadamda g‘alaba umidi bilan ruhlantirilsa, nega baxtsiz bo‘lishi kerak? Bugunning ishchisi butun hayoti bo‘yi bitta ishda, kecha qilganlarini bugun takrorlash bilan mashg‘ul bo‘ladi va aslida bu qismat ham absurdga begona emas. Biroq, faqat  u ongli ravishda, qilayotgan ishining bema’ni va foydasiz ekanligini tushunib qolgan lahzada tragediya yuzaga chiqadi. Sizif, Tangrilarning quvg‘indisi, bemajol va isyonkor Sizif, o‘zi ichida harakatlanayotgan jarayonning butun fojiasini ochiq-oydin tushunadi va toshni qayta olib chiqish uchun pastga tushayotgan payt bu haqida o‘ylab boradi. Uning vasvasalarini olovlantirgan onglilik, ayni paytda uning mag‘lubiyatini yo‘q qiladi. Zotan, hech qaysi qismat nafratni yengolmaydi.

Aksar kunlar shunday g‘amginlik bilan o‘tgan qaytishlarga nega ba’zan biroz bo‘lsada sevinch qo‘shilmasligi kerak? Ha, fikrimcha uni shunday atash to‘g‘riroq bo‘ladi. Ko‘z oldimda yana harsangiga qaytayotgan Sizif namoyon. Ibtidoda azob bor edi. Yer yuzining ro‘yoviy tasvirlari xayol oynasini ortiqcha kirlatgani zamon, baxt chorlovi tarozida og‘ir kelgani payt inson qalbidagi iztirob yanada yuksaladi. Bu qoyaning mag‘lubiyati, qoyaning aynan o‘zidir. Uning avvalu oxiri noma’lum qayg‘usi ko‘tarib bo‘lmas qadar og‘irdir. Bular ham bizning Getsemani kechalarimizdan biri bo‘lishi mumkin. Biroq, achchiq haqiqatlar fosh bo‘lgan on o‘zlarini yo‘q qiladilar. Shu zaylda Edip ibtidoda bitilgan qismatga o‘zi bilmay bosh egadi. Bundan ogoh bo‘lgan payti esa uning asl tragediyasi boshlanadi. Ammo xuddi o‘sha vaqt, so‘qir va umidsiz holida o‘zini dunyoga bog‘lab turgan yagona rishtaning bir yosh qiz qo‘lida ekanligini tushunib yetadi va ayni onda o‘sha mardona iqror bo‘y ko‘rsatadi: “Bu qadar og‘ir sinovlarga qaramay, o‘tib qolgan yoshim va ruhiy tajribam meni hamma narsaning aslida yaxshi ekanligi haqida xulosa chiqarishga majbur qiladi.” Dostoyevskiyning Kirillovi kabi Sofoklning Edipi ham absurd mag‘lubiyatning  formulasini shu yo‘l bilan bayon qiladi. Antik zako chog‘dosh qahramonlik bilan shu shaklda birlashadi.

Bir inson baxt haqida kitob yozish istagiga asir tushmaguncha absurdni anglolmaydi.  “Yana nimalar istaysiz?!  Shunchalik tor yo‘llardana?..” Biroq, dunyoda faqatgina bitta dunyo bor. Baxt va absurd xuddi shu dunyoning egizak farzandlaridir. Ularni bir-birlaridan ayirolmaysiz. Shu yerda baxt absurdning kashf qilinishidagi xato sabab yuzaga chiqqanini ta’kidlash mumkin. Absurd kayfiyatining baxtdan tug‘ilganini aytish ham xato bo‘lmaydi. “Hammasi yaxshi degan fikrdaman”, deydi Edip. Bu iqror muqaddasdir va u basharning yovvoyi, cheklangan olamida sado jaranglagani holda bizga hali hamma narsaning tugab-bitmaganidan xabar beradi. U bu foniy dunyoga qaratilgan ochko‘zligimiz hamda bema’ni qayg‘ularni sevganimiz uchun o‘zimiz yaratib olgan Xudoni bu foniy dunyodan quvib chiqaradiyu qismatni insonning qo‘liga tutqazib, uni insonlar orasida o‘zaro natijalantiriluvchi missiyaga aylantiradi.

Sizifning butun unsiz xushbaxtliklari shu yerda yashirin. Uning qismati o‘z qo‘lida. U cho‘qqiga olib chiquvchi tosh ham uning o‘ziga tegishli. Ayni shaklda absurd inson ham, azobi ustida bosh qotira boshlagan on jamiki butlarni jim bo‘lishga majbur qiladi. Sukunat qa’riga cho‘kkan olamda daf’atan Yer yuzining minglarcha sof va xayrixoh ovozi sado bera boshlaydi. Ongsiz va yashirin saslanishlar, butun qiyofalarning ovozlari – bular missiyaning tugatilishi shart bo‘lgan qismi va mag‘lubiyatning qiymatidir. Soyasiz quyosh yo‘q va tunni tanimoq kerak. Absurd inson ha deydi va bundan buyog‘iga uning urinishlari aslo tinmaydi. Agar shaxsga oid qismat bor bo‘lsa, Oliy, hammaga birdek tegishli Qismat yo‘q. Biroq, hech bo‘lmasa bitta Oliy taqdir bor va Sizif uni ham inkor etib bo‘lmas haqiqat deb hisoblaydi va unga bepisandlik bilan qaraydi. Qolgan ishlarga kelsak, endi qahramonimiz kunlarini qanday qilib o‘zi istagandek o‘tkazishni yaxshi biladi. Insonning faqat va faqat o‘z hayoti tomon yo‘nalgan bu qutlug‘ lahzasida Sizif harsangi yoniga bora turib, o‘zi uchun yaratilgan, xotirotning nigohi ostida birlashgan va xuddi o‘sha payt uning o‘limi bilan oxir topgan qismati sanalguvchi bu bir-biridan uzoq harakatlar turkumini tomosha qiladi. Shunday qilib, u insoniy sanalgan har narsaning butunicha insonga bog‘liqligiga ishonganini ko‘rsatadi. Ko‘rmoq istagan va zulmatning oxiri yo‘qligini bilgan yaratiq ko‘rdir va u olg‘a qadam tashlashdan to‘xtamaydi. Qoya esa dumalab tushaveradi.

Sizifni tog‘ etagida yolg‘iz qoldiraman! Odam o‘z yukini biloxir o‘zi topadi. Ammo Sizif, Tangrilarni yerga urgan va xarsanglarni ko‘targan ustun sadoqatni namoyon qiladi. U ham hammasining yaxshi ekanligiga iqror bo‘ladi. Bundan buyog‘iga, hukmronsiz qolgan olam uning ko‘zlariga na bepusht, na qiymatsiz ko‘rinadi. Bu toshdagi kichik parchalarning har biri, bu qorong‘u tog‘dagi ma’danlarning har yarqirog‘i o‘z-o‘zicha yangi bir dunyoni yo‘qdan bor qiladi. Qoyalar tomon yakka o‘zi tirmashmoq ham bir insonning ko‘nglini to‘ldirishga yetadi. Sizif esa baxtli odam sifatida tasavvur qilinishi kerak.

Ingliz tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting